Esimda bor, gimnaziyaning beshinchi yoki oltinchi sinfida o’qib yurgan kezlarimda Don oblastidagi Bolshaya Krepka qishlog’idan bobom bilan birga Rostov-Donga ketayotgan edim. Avgust oyining jazirama, tinka-madorni qurituvchi diqqi nafas kunlaridai biri edi. Kun qizig’idan, quruq va issiq garmseldan hamda qarshidan urib turgan chang-to’zondan ko’z ochib bo’lmas, tomoq qaqrardi; yon-veringga qaraging ham, gapirging ham, o’ylaging ham kelmasdi; shuning uchun ham, mudrab borayotgan ukrain aravakash Karpo otlarga «chu» deb qamchi o’ynatgan paytda qamchisi furajkamga tegib ketganda ham norozilik bildirmadim, miq etmadim, faqat mudrashdan ko’zimni ochib, chang-to’zon orasida qishloq ko’rinmasmikan? deb olislarga ma’yuslik bilan qarardim. Otlarga yem berib olish uchun Baxchi-Salax degan bir katta arman qishlog’ida, bobomning boy arman oshnasinikida to’xtadik. Men umrimda bu armandan ko’ra beo’xshov g’alati odamni ko’rmaganman. Shunday bir odamni o’zingiz tasavvur qiling, sochi qirtishlab olingan kichkina bosh, qalin, uzun qoshlari pastga osilib tushgan, to’ti burun, oppoq uzun mo’ylov, katta og’zida gilos yog’ochidan qilingan uzun trubka cho’chchaygan; mana shu bosh, ajib bir kiyim bilan o’ralgan qotma, bukchaygan tanaga farosatsizlik bilan yopishtirilgan; bu odam egniga kalta qizil kamzil, ko’k keng chalvor kiygan; bu jussa oyoqlarini kerib, tuflilarini shaqirlatib yurardi, gapirganda ham og’zidagi trubkasini olmas, o’zini g’irt armancha qiyofada tutardi: tishining oqini ko’rsatmas, ko’zlarini ola-kula qilib qarab va mehmonlariga mumkin qadar kamroq e’tibor berishga urinardi.