Xolposhshaning dadasi o’gay onasi bilan bozordan yangi palto, etik olib kelib berishdi. Etik baland qo’njlik, ichi jun, issiq edi. Rangi ham chiroylik, paltosiga o’xshagan och qizil. Ammo palto allambalo edi. Yoqalari keng, tikkatik, qaytarma cho’ntaklari katta. Qizini yangi kiyimda ko’rib, dadasining ko’zlaridan yosh chiqib ketdi.
— Ona qizim!.. — dedi u va quchoqlab peshonasidan o’pdi.
— Umringiz uzoq bo’lsin, katta qiz bo’lib shunaqa paltolardan qo’sha-qo’sha kiying! — dedi o’gay onasi uning yelkasiga qoqib. — Shunday ko’rdim-u, mahkam yopishdim! Dadangiz ham savdolashib o’tirmadilar, so’raganini berdilar-qo’ydilar. Bo’lmasam boshqalar ilib ketardi!...
— Rahmat, —dedi uyalib Xolposhsha va eshik yonidagi tosh oyna oldiga borib o’ziga qaradi.