Men tez-tez Toshkentga kelib turaman. Har kelganimda u menga o’zgacha, yangi bir shaharday tuyuladi. Har kelganimda hali men bilmagan, yoki bila olmagan go’zalligini ko’z-ko’z qiladi, saxiy bag’rini keng ochib, olis yo’ldan kelgan farzandini quchog’iga olayotgan otaday, meni mehr va tabassum bilan qarshilaydi. Bu mehr va tabassumni men olov taftli quyoshning serbarg daraxtlar orasidan tushib turgan nayza nurlarida, iliq shabada o’ynatib turgan kosadek-kosadek atirgullarning yoqimli hidlarida his qilaman. Qanchalik zarur bo’lmasin, ishimni tashlab, kamalak tus skameykalarda bir daqiqa bo’lsa ham o’tirgim, xuddi shunday kamalak tus yo’lovchilarga qarab xayol surgim keladi. Ko’pincha shunday qilaman ham. Xiyobondagi bir-biriga tutash uch favvora yoniga o’tirib, atrofni tomosha qilaman. Xiyobon kunduz ham, tun ham tinch, osoyishta. Shu yerda hamma narsa sehrli olam og’ushida. Daraxtlarnnig ko’pligi yo xiyobonning o’ziga xos fizilatimi — yo’lovchilar shu yerga kirganda yarim ovozda gaplashadilar, yarim ovozda kuladilar,