— Mana, siz rayonda yangi odamsiz. Hali qishlog’imizdagilarning hammasi bilan tanishib chiqqaningiz yo’q. Ammo lekin, Ma`piratimni tanib olgan bo’lsangiz kerak. Uni, men sizga aytsam, tanimagan odam yo’q, oblastda. Oblast qayoqda? Butun, O’zbekistonda deyavering. Gazetalardan nomi tushmaydi. Radioda ham ikki gapning birida uni tilga olib turishadi. Kolxoz planni bu yil ham qoyillatib bajaruvdi, muxbirlarning, vakillarning keti uzilmay qoldi. Qani ayting, shunday qiz bilan faxrlanmay bo’ladimi? Kechqurunlari horib-charchab ishdan keladi, topgan-tutganimni oldiga qo’yaman. Bir piyola choyni chala-chulpa ichib, shunday stolning yoniga chuziladi-yu, dong qotadi. Yumuq ko’zlariga, chimirilgan qoshlariga, allanimalarni eslab pichirlagan lablariga qarab dam quvonaman, dam duv etib ko’zimdan yosh keladi.