Oxun bu to’g’rida avval ham o’ylagan, bir-ikki marta bormoqchi ham bo’lgan, ammo yuragi dov bermagandi.
U beva haqida har xil gaplar yurardi. Nazokatni aytyapti. U ilgari shaharda yashardi. Qishloqda onasi bor. Nazokat har hafta onasinikiga kelib turardi. Har safar har xil odamlar uni o’zlarining yengil mashinalarida olib kelib, olib ketishardi. Shofyorlarning ham ko’pi yaxshi tanirkan. Birga yo’lga chiqib qolgan odamlar aytishadi. Ko’chada ko’rindi deguncha u shofyor ham kabinadan boshini chiqarib: «Nazokat opa, olib ketaymi?», deb ishshayarkan, bu shofyor ham.