Sovxozning bosh agronomi Nodir Ro’ziqulov majlisdan qattiq tanqid yeb chiqdi. Uyga kelib, o’zi yoqtirmaydigan qaynanasining «hemirisi yo’q ekspeditori ham yangi uchastka qurib olyapti, yer bo’lsa sizni qo’lingizda» degan gapini eshitib: «Mening bo’lgan turganim shu. Chidamasangiz qizingizni olib ketavering!» — dedi. Xotini ham shuni kutib turganday qizchasini ko’tarib, onasiga ergashdi.
Nodir ko’chaga chiqib, o’zini qopmoqchi bo’lgan qo’shnisining itiga kesak otgan edi, itga qattiq tegdi shekilli, u shunday vang’illab qochdiki, endi ko’knori ichib, boshiga choponini tortayotgan bangi qo’shnigor kayfi uchib, darrov devordan qaradi. Nodirni ko’rib nima gapligini so’radi. Nodir aybini bo’yniga olgan edi, u: «Hayf sizga-ey, xo’jayin, kuchingiz shu tilsiz maxluqqa yetdimi! Kuchingiz juda oshib, qo’lingiz qichiyottan bo’lsa, sekin meni chaqirmaysizmi!» deb, Nodirning ta`bini tirriq qildi, buyam yetmaganday, itini ayvonga chaqirib, unga shunday baqirdiki...