Ular oqsoqlanib soyga tomon tushib borardilar. Hamrohlardan biri, oldinda borayotgani toshloq yerda qoqilib gandiraklab ketdi. Ikkalasi ham charchab holdan toygan va tishini-tishlariga qo’yib taqdirga tan berganliklari yuzlaridan ko’rinib turardi — bu uzoq vaqt chekkan qiyinchiliklari oqibati edi. Orqalaridagi qayish bilan tortib bog’langan og’ir yuklari yelkalarini ezardi. Ikkalasida ham bittadan miltiq. Ikkalasi ham bukchayib ko’zlarini yerdan uzmay borardilar.
— Qani endi yashirib qo’ygan joyimizdagi o’qlardan hozir ikkitaginasi bo’lsa, — deb qo’ydi ulardan biri.
Azbaroyi madorsizlikdan ovozi zaif chiqdi. U judabehafsalalik bilan gapirardi. Toshlarga urilib, ko’piklanib oqayotgan sutdek oppoq suvga endi oyoq bosgan sherigi esa unga hech narsa deb javob bermadi.
Ikkinchisi ham sherigi orqasidan suvga tushdi. Suv muzdek sovuq bo’lishiga qaramay ular oyoq kiyimlarini yechmadilar. Suv shu qadar sovuq ediki, oyoqlari barmoqlarigacha uvishib qoldi. Ba`zi joylarda suv tizzadan kelardi. Shunda suv shi-tob bilan urganda, ular o’zlarini tutohnay, gandiraklab ketardilar.