Boqqa kirsam, Stalinning haykalini buzishyapti... Shunday bir kuz kuni edi. Oltmish oltinchi yilmi-ettinchimidi — aniq aytolmayman. Xullas, egnimda mana shu kalominka kitel, mana bu «Za otvagu» ham — ko’krakda; choy ichgani kirgandim-da boqqa. Eslaysizmi, qanday soya-salqin joy edi! O’riklari pishib, to’kilib yotardi. Ha, apteka qurib, rasvosini chiqarishdi. Hozir park shahardan chetda: birov bormaydi... Stalinning haykalini eslang! Baland supada oppoq bo’lib turardi. Shinel ham, mo’ylov ham bir yarashgan. Kitelini ham hech mahal egnidan tashlamagan ekan.
Boqqa kirdim. Choyxonadagi odamlar har yoqqa sochilib-javdirab turishipti. Haykalning poyida ijroqo’m raisi Bo’taev bilan muzeyning direktori Xoliqberdiev! Dohiyning poyida karlik bo’lib turishipti. Shunda haykalning orqasidan Qulmuhammad jo’ram, frontovik oshnam, chiqib keldi-da: