Obidjon akaning oltmish yilligiga atab berilgan ziyofat kutilgandan ham yaxshi o’tdi. Avvalo aytilgan odamlarning hammasi keldi. Buyurilgan ovqatlar hammaga manzur bo’ldi. Mashshoqlarning ikkala to’pi ham kecha oxirigacha xizmat qildi. Maqtovlar-chi! Obidjon akaning o’zi sha`niga aytilgan gaplardan quvonib, g’ururlanib o’tirdi. Ziyofatga ajoyib joy tanlanganini aytmaysizmi? Anhor labiga tushgan peshayvonli choyxona oromijon joy ekan. Buning ustiga sovg’a-salomlar ham ziyofatga yarasha bo’ldi. Ko’pchilik konvert tutqazdi. So’ng Obidjon aka xotini Zaynabxon jlan yarim kechagacha shu konvertlarni ochib, ko’rishdi. O’n ming so’mlik konvert chiqmadi, hisob. Ko’pchilik qirq-ellik mingdan solibdi. Hammasi tag’in tahi buzilmagan besh ming, o’n minglik qog’ozlar.