Qrim yo’llarida bo’lganmisiz? Qator tizma tog’lar orasidan o’tgan past-baland bu yo’llar kishining bahri dilini ochadi. Yo’lning ikki betidagi qoramtir, oq, qizil daraxtlarning tanga-tanga barglari iliq quyosh nuridan marvariddek tovlanadi. Olisda esa, ufqqa tutashgan zangori dengiz...
O’tgan yili shu tomonga yo’lim tushib qoldi. Tumshug’ini dengizga cho’zib turgan Ayiqtoqqa yetganimizda shofyor, shu yerlik yigit, menga tog’ning cho’qqisini ko’rsatdi. Cho’qqida qaqqayib turgan bir daraxtdan boshqa hech narsa ko’rmadim.
— Yaxshilab qarang, — dedi shofyor beparvolik bilan. — Daraxtning pastida hech narsa ko’rmayapsizmi?