Alibek Samarqanddan o’qishdan yiqilib qaytdi. To’g’risini aytganda, yiqilmadi. Yon-veriga qarasa, ishongan tanishi yo’q. Kallasi aynib, hujjatini SamGASI ga topshiripti. Buni qarang-a! Matematikaning «m» harfini ham bilmaydi-yu, tag’in... Yana, Samarqandda yurgandan keyin biri u deb, ikkinchisi bu deb, oyog’ingdan oladiganlar chiqar ekan... Bor-e, dediyu, hujjatlarini qaytib olib, Barlosga ravona bo’ldi.
Sovxozda uzum terish boshlanayotgandi.Brigadir Nurali aka o’ziga hisobchi topolmay turgan ekan. Alibekning ko’chada salanglab yurganini ko’rib, taklif qildi. To’rtinchi sinf matematikasini tushunsang, qo’shish-ayirish, bo’lish-ko’paytirishni bilsang bo’ldi, eplaysan, dedi. Alibek jon-jon deb rozi bo’ldi. Baxt kulib boqqanini ko’r. Hisobchi bo’lish yomon emas. Bir mavsumda qanchadan-qancha pul ishlab olish mumkin. Bo’ldi endi, Nurali aka bilan kelishib, o’zigayam, otasigayam (omborda mudir), onasigayam (uy bekasi), akasigayam (student), opasigayam (ikki yil burun tog’ tarafga erga tegib ketgan, hozir chaqalog’ini boqyapti), singlisiyu (besh yoshli), ukasigayam (beshikda) ish haqi yozaveradi. Ana pul, mana pul. Qolgan uka-singillar o’zlari ishlashadi. Ularga ham yordam qilib turish mumkin. Bu yog’i zo’r bo’ladi. Pulga botadi. Bundan tashqari yaqinda Pedtexnikumning studentlari yordamga kelishadi. Bu degani - kayfu-safo degani. Maishat... To’qson foizi qizlar. Bittasini ilintirib olsa, har kuni uchrashuvlar, o’pishishlar, tizzaga bosh qo’yib yotishlar... mazza!... (Ko’ngil qursin, nimayam deysiz!). O’tgan yili qishloqning yoshi katta bolalari yayrab qolishgandi. Uni esa, qizlar maktab o’quvchisi deb nazariga ilishmagandi. Alibekka roza alam qilgandi. O’zingdan ikki-uch yosh katta bolalar studentkalar bilan qanday uchrashuv tashkil qilganlarini, xilvatgohlarda... Eh-he, u yog’ini eshitaversang, chiday olmay qolasan. Gap shu yerga yetganda Alibek o’zini tutolmay, butun vujudi ko’z bo’lib, hamsuhbatiga tikilar, og’zining tanobi qochayotganini sezar, lekin... - Oldin tansa tushisharkan, o’sha yerdan bitta-bitta yetaklab ketaverisharkan (yolg’on bo’lsa xudoning o’zi kechirsin!) Bu yil Alibek ham xuddi shunday qiladi. O’tgan yili kichkina edi. Maktab o’quvchisi edi. Endi... bo’yi o’sgan, kerak bo’lsa, Samarqandini ham ko’rib keldi. Ha, Alibek hazilakam odam emas. Ko’p narsani o’rgandi, ko’zi pishdi. Umuman, o’sha qizlar qo’lida bo’ladi (axir hisobchi-ku!) Lyuboyiga: senga ko’proq yozaman desa, bo’ldi, o’zi yugurib oldiga keladi. Alibek studentkalarni qanday o’ziga qaratishni yaxshi biladi. Ular kunlik normani bajarishi kerak, bu esa oson emas.