Bola do’ngda bobosi Norboy cholni kun qaytgandan beri kutadi. Choldan esa hanuz darak yo’q.
Bola bundan siqilsa-da, lekin ajablanmaydi. Ora-sira qishloq tomonga ko’z tashlab, Bozor tog’am qo’ymayotgan chiqar, deb o’ylaydi. Nega deganda, Bozor tog’asi jahldor odam, cholning do’ngda qo’nqayib, qotgan non shimib o’tirishini yoqtirmaydi. Kishilar oldida nomusga o’ldirayapsiz meni, deydi. Uning gapida jon bor, qishloq ahli bo’lak mavzu qurib qolganday, keyingi paytda nuqul cholning g’iybatini qiladigan bo’lishgan.
— Norboy chol o’libdi, kuni qotgan nonga qolibdi.
— Nonni o’g’li, kelinidan bekitib yerkan.
— Aytdim-a, buncha ozib-to’zib ketdi deb. Boquvning mazasi yo’q ekan-da?
— Qariganingdan keyin shu-da, nafas olishing ham birovga malol kelib qoladi.
— Kampir o’ldiyu choldan putur ketdi.
— Unga qiyin, tengqurlari yo’q, boyo’g’liday bo’zrayib bir o’zi qoldi.
— O`lsa, izidan izillab yig’lagandan ko’ra, hozir duosini olib qolish kerak cholning.
— Bu gapingni borib Bozorga ayt.
— Aytaman, kerak bo’lsa, qizigayam aytaman.