Yo’q, ular Anhor bo’yida uchrashmadi. Uchrashuvda o’ziniki qilib aytish uchun kitoblardan she`rlar ko’chirib olmadi. O, men seni sevaman, sensiz yashay olmayman qabilidagi mavsumiy so’zlarni so’zlashmadi. Lablar topishganda qizning uzun tovoni yerdan sal ko’tarilmadi. Yo’q, yigit qizni bezorilardan qutqarib qolmadi...
Yaxshi shoir O’rolboy ko’rpaga burkanib, ishqiy she`r bitdi. Misralarini farzandiday ardoqlab, voyaga yetkazdi. Beixtiyor o’zining birinchi muhabbatini — sinfdoshi Xolbuvini esladi... Qorong’ini quchoqlab, Xolbuvini bag’riga bosganday bo’ldi. Ko’ngliga oqshomday ma`yuslik cho’kdi. To’shakdan imillab turib, timirskilanib borib chiroqni yoqdi. Birinchi kitobini varaqladi. She`rlari ko’ziga juda bachkana ko’rindi. Yuzlarini bujmaytirib, kitobni karavot ostiga otib yubordi...