Cho’loq turna tuxumdan kech chikdi. Chiqqanidan keyin ham o’ng oyog’ini ololmay ancha yotdi, tipirchiladi, tukdan iborat qanotchalarini qoqdi. O’zini paydo qilgan tuxum po’chog’iga tizzasidan pasti yopishib qolgan edi. Nihoyat, undan xalos bo’ldi-yu, o’ng tomonga mayishib, atrofiga mayda shag’al toshlar terib qo’yilgan, qumga qattiqroq bosilgan tuya izidek uyasida bir-ikki aylandi. So’ng ma`yus, ojiz ovoz chiqarib, boshini zo’rg’a ko’tarib, anchagacha qaltirab turdi.
U nafas olar — yangi olam havosidan nafas olar, badaniga yangi olamning — iliq bahor quyoshining nurlari singar, shuning uchun qaltirar, hali bu hayotga ko’nikmagan edi.