Qishloqda rasm bor: olti-etti oy, hatto bir yildan keyin borsangiz ham bu orada vafot etgan tanish-bilishlarga fotiha o’qib, oila a’zolariga ta’ziya bildirishingiz kerak.
Qishloqqa bir borganimda, bizning soy mahalladan yosh bir yigit vafot etganini aytib qolishdi. Mo’ysafid amakim va o’qituvchi jiyanim bilan marhumga fotiha o’qigani bordik.
Men marhumni bolaligidan tanir edim. U eri frontda halok bo’lgan, mushtipar bir bevaning yolg’iz o’g’li edi.
Yigit armiya safida uch yil xizmat qilib, u yerdan yaxshigina montyor bo’lib, rus qiziga uylanib qaytgan, lekin ko’p o’tmay, to’g’on qurilishidan tok urib o’lgan edi.
Bu voqea men borishdan qariyb bir yil avval sodir bo’lgan, bu orada kelin ham Rossiyaga ketib qolgan edi.