Ta`til payti qishlog’imga borganimda adabiyotga qiziqib yuradigan bir necha hamqishlog’im mendan: «Sadafiy degan shoirni taniysizmi?», – deb so’rashdi.
– U haqda bir-ikki eshitganman, darvish shoir, deyishadi. Lekin o’zini ko’rmaganman, kitobi ham menga uchramagan, – dedim.
– Nahotki?! U, axir, bizning viloyatdan, qo’shni tumandan ekan. She’rlari bilan aytiladigan qo’shiqlarni artistlar «Ey, Sadafiy» deb tugatishadi-ku, – ajab–lanishdi hamqishloqlarim.
– Viloyat u yoqda tursin, tumanimizdan borib poytaxtda yashayotganlarning ko’pchiligini ham tanimayman. Toshkent katta shahar, undagi shoirlar soni Alisher Navoiy davridagi Hirot shoirlari sonidan kam emas, – dedim men sal balanddan kelib.