Mazkur o`quv qo`llanma O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Ilmiy ijod metodologiyasi” kursi bo`yicha, iqtisodiy mutaxassisliklar magistraturasi uchun mo`ljallangan namunaviy dasturga amal qilingan holda tayyorlandi. Qo`llanmaning maqsadi magistrantlarga ilmiy ijod metodologiyasining mazmun va mohiyatini singdirishdan iborat. Ma’lumki, ijodiy fikr malaka va ko`nikmalarning shakllanishiga yordam beradi. Shu sababli unda fan va ijodning o`zaro munosabati, ijod jarayonini ifoda etish shakllari, uslublari, ilmiy ijodda bashorat, faraz, dalil, tajriba, nazariya, dialektika, sinergetika kabi mavzular yoritilgan. Iqtisod, moliya, soliq, bank tizimi mutaxassisliklari uchun ilmiy ijod metodologiyasining o`rni haqida fikrlar yuritilgan. Ayniqsa, falsafa va iqtisodiy fanlar o`rtasidagi o`zaro ijodiy munosabatlar Sharq va G`arb mutafakkirlari ta’limotlari asosida batafsil yoritilgan.