Insoniyat tarixida ism alohida o’rin tutadi.Ism shunchaki oddiy bir nom emas, balki o’zida har bir narsaning, voqea-hodisaning eng kerakli tomonlarini aks ettiradi. Xalqimizda: “Odam bolasi o’z xulq-atvori, fe’li va shu jumladan ismi bilan tug’iladi”,-degan gaplar bor. Bu bejiz emas, albatta.Bunda ota-onalarning xizmati o’z farzandlariga munosib ism topib qo’yishdadir. Ism tug’ilgan bolaning qaysi urug’dan, uning tavallud topgan vaqti, joyi va bola tanasidagi alohida belgilar hamda boshqa sabablarga qarab qo’yiladi.Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, bu jarayon tarixiy davr odamlarning diniy, ma’naviy e’tiqodlariga, ananaviy udumlarga ham bog’liqdir. Masalan, Arslon ismi hayvon nomini eslatsada, u ism sifatida “botirlik, mardlik, she’ryuraklik” ma’nolarini anglatadi. Qadimda esa bu ism totemistik, ya’ni diniy e’tiqodli tasavvurni ifodalagan.