Xalqimizning bebaho ma’naviy boyligi hisoblanmish folklor namunalari orasida xalq dostonlari alohida o`rin tutadi. Doston kuylash, ya’ni baxshichilik san’ati esa o`zining qadimiy ildizlariga ega. Bu san’at ustozdan shogirdga, avloddan avlodga bevosita jonli ijro orqali o`tadi. Folklorshunoslarimizning XX asr davomida olib borgan ilmiy kuzatishlari respublikamizda bir qator dostonchilik markazlari – o`nlab dostonchilik maktablari mavjud bo`lganligini ko`rsatdi.
Baxshichilik qadimiy san’at turlaridan biri bo`lib, xalqimizning uzoq asrlik tarixi, urf-odati, ruhiy va etnopedagogik xususiyatlarini ajdodlardan avlodlarga o`tkazishda muhim rol o`ynadi. Xalq idealidagi o`lmas qahramonlar, ularning vatanparvarlik, ona-yurt ozodligi uchun bahodirona kurashlari dostonlarlarda xalqona asosda yuksak badiiy kuylanib kelindi. Bu kabi tasvirlar uzoq asrlik an’analar ruhi asosida sayqallashtirilib, baxshi auditoriyasining kengayishiga, jonli ijroda yanada keng tus olishiga sabab bo`lgan. Baxshichilik san’ati asrlar osha ijtimoiy-tarixiy jarayonlarda rivoj topib, o`ziga xos estetik ahamiyat kasb etib kelgan bo`lsada, uning gullab yashnashi, jonli epik an’analarda rivoj topishi XIX asr va XX asr boshlarida ko`zga tashlanadi. Bu davrda yashagan bir qator baxshi-shoirlarimizning kuchli quvvayi hofizasi, noyob iste’dodi, badihago`ylik mahorati qadim dostonlarimizning jonli ijrolarda kuylanib kelishiga va keyingi avlod baxshilariga o`tkazilishida muhim o`rin egalladi.Baxshi-shoirlarning haqiqiy epik an’analar ijrochisi sifatida shakllanishi, dostonchilik maktablariga xos usul va yo`llarning tom ma’noda rivoj topishi ham ana shu davrlarga to`g`ri keladi.