O`tgan qisqa davr ichida “Boshlang`ich sinflarda ona tili o`qitish konsepsiyasi”, O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi Qonuni, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” qabul qilinib, uning talablariga ko`ra sinovdan o`tkazilgan davlat ta`lim standartlari tasdiqlandi va yangi mazmundagi darsliklar yaratildi. Boshlang`ich sinf o`qituvchilari pedagogik texnologiya, axborot hamda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va o`z faoliyatlarida qo`llashga bo`lgan qiziqishlari kuchaydi, o`quvchilarning ijodiy ishlash ko`nikma va malakalarini rivojlantirish bosh maqsadga aylandi; o`qitishning eng samarali, ayniqsa, noan`anaviy, interfaol metod, vosita va usullarini tatbiq etishga bo`lgan intilishlari ortdi. Yangilanish borasidagi muvaffaqiyatlarni ko`rsatish, kamchiliklarni aniqlash, bajarilmayotgan ishlarni belgilash dolzarb muammoga aylandi.