O’zbek tiliga lisoniy qolip, hosila, leksemalashish kabi tushunchalar kirib keldi. Sistem-struktur tilshunoslikning yetuk vakillaridan X.Ne’matov, R.Rasulov, R.Sayfullayeva va ularning izdoshlari ishlarida lisoniy sintaktik qolip tushunchasiga oydinlik kiritildi. Biroq har qanday lisoniy qolip hosilasining davrlar o’tishi bilan ma’no taraqqiyotiga uchrashi natijasida lisoniylashuvi – leksemaga aylanishi masalalari atroflicha tadqiq qilinmagan. Ishda lisoniylashayotgan – leksemalashish jarayonlarini boshidan kechirayotgan so’z yasash qolipi, qo’shma, juft, takroriy so’zlar, so’z birikmasi va gap qolipi hosilalarini o’rganish, ularni lisoniy va nutqiy yasalma ekanligini aniqlash bosh maqsad qilib olindi.
Ma’lumki, til jonli mavjudot bo’lib, davrlar o’tishi bilan u turli o’zgarishlarga uchraydi – tublashish, soddalashish, yaxlitlanish, ixtisoslashish jarayonlarini boshidan kechiradi.