Aholining chorvachilik masulotlariga bo`lgan talabini yanada yaxshiroq qondirish Davlatimiz agrar siyosatining asosiy jabhalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 23- martdagi PQ – 308, “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo`jaliklarida chorva mollarni ko`paytirishni rag`batlantirish chora tadbirlari to`g`risida”gi farmoni, 2008 yil 21- apreldagi PQ – 842, “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo`jaliklarida chorva mollar ko`paytirishni rag`batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorlarida Respublikamizda chorvachilikni xususiy mulkchilik asosida jadal rivojlantirish va rentabelli sohalardan biriga aylantirish, aholi turmush darajasini oshirish, ichki bozorni go`sht, sut kabi hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror to`ldirishning muhim omili sifatida katta e’tibor qaratilgan.
Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o`tgan taraqqiyot yo`lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o`zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro`yobga chiqarishni taqozo etmoqda.
Yuritilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama, jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo`yicha ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 7 fevral kuni “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi farmonni imzoladi va 2017 - 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.