Davlatning bajaradigan funktsiyalari va vazifalari ko’p bo’lib, bozor iqtisodiyoti rivojlana borishi bilan ba’zi ijtimoiy himoyalangan bozor munosabatlariga mos kelmaydigan vazifalar yo’qola borsa, yangi vazifalar paydo bo’la boshlaydi. Bularga bizning respublikamizda kam ta’minlanganlarga ijtimoiy yordam ko’rsatish, bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini tashkil qilish kabilar kiradi. Davlat kuchli ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni amalga oshirish uchun pensionerlar, talabalar, ko’p bolali onalar va boshqalarni mablag’ bilan ta’minlash zarurligini anglab, ayrim cheklangan tovarlar bahosidagi farqni byudjet hisobidan qoplaydi va undan tashqari mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlanganlarga moddiy yordamlar ko’rsatadi. Shu bilan birga, davlat jamiyat a’zolari osoyishtaligini saqlash maqsadida o’zining mudofaa qobiliyatini saqlab va mustahkamlab turishga ham mablag’lar sarflaydi, qolaversa, davlat fuqarolar xavfsizligini saqlash, mamlakatda tartib-intizom o’rnatish, uni boshqarish funktsiyalarini bajarish uchun ham ko’plab mablag’ yo’naltirishga majburdir. Bunday xarajatlarni amalga oshirishning majburiyligi ular uchun manba bo’lgan soliqlarni ob’ektiv zarur qilib qo’yadi.