Mavzuning dolzarbligi. O`zbek adabiyotining otashnafas shoiri Mahmud Toirning hayot falsafasi aks etgan betakror lirikasida o`ziga xos xususiyatlar yaqqol ko`zga tashlanadi. Shoir she’riyatining boshqalardan ajralib turadigan yorqin qirralardan biri uning lirikasidagi o`ziga xoslik, nafis jozibasidadir. Bu nafislik, jozibadorlik shoirning so`z qo`llash mahorati natijasidir. O`zbek tili leksikasi juda boy. Unda serqirra ma’noga ega bo`lgan polisemantik so`zlar, ma’nodosh so`zlar, emotsional-ekspressiv bo`yoqdor so`zlar mavjud. Shuningdek, o`zbek tili leksikasida eng asosiy va salmoqli o`rinni egallagan umumnutq qatlam so`zlari borki, ulardan o`rni bilan ma’no qirralarni teran anglagan holda foydalanish lozim. Bu esa badiiy asarning tasirchanligini, jozibadorligini ta’minlaydi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, yaxshi badiiy asar yaratish shoirning so`z qo`llash mahoratiga bog’liq.