O’quv qo’llanma muqaddima, uch bob, ilovalar va foydalanilgan adabiyotlardan tashkil topgan. Qo’llanmaning I bobi laboratoriya mashg’ulotlarini o’tkazishga ko’rsatmalarni, ya’ni laboratoriya mashg’ulotlarini bajarilishini tashkil qilish, o’lchashlar va o’lchash natijalariga matematik ishlov berish, o’lchov xatoliklari haqida tushunchalar, laboratoriya mashg’ulotlarini bajarishda talabalarning vazifa va burchlari, laboratoriya mashg’ulotlarini o’tkazishda talabalar uchun texnika xavfsizligi yo’riqnomasini o’z ichiga oladi. Qo’llanmaning II bobida umumiy fizika kursining «Mexanika asoslari» bo’limi uchun 15 ta va III bobida «Molekulyar fizika» bo’limi uchun 5 ta laboratoriya mashg’ulotlari mavjud. Ushbu o’quv qo’llanma har bir laboratoriya mashg’uloti uchun uning maqsadi, nazariy tushunchalar, kerakli asbob-uskunalar va jihozlar haqida ma’lumotlarni, shuningdek, ishlatilayotgan qurilmaning tuzilishi, ishni bajarish tartibi, o’lchashdagi xatoliklarni aniqlash, talabalarning bilimini tekshirish uchun nazorat savollarini va tayanch iboralarni o’z ichiga oladi. Talabalarning vaqtini tejash maqsadida qo’llanmaning oxirida fizik kattaliklarning turli sharoitdagi qiymatlarining jadvallari, ularning Xalqaro sistemadagi o’lchov birliklari ilova qilingan.