O`quvchilarning imtihonga hozirligi ko`zdan kechirilgach, o`qituvchi o`quvchilar diqqat-e’tiborini jalb qilgan holda diktant matnini bir marta ifodali o`qib beradi. Matnni talaffuz me’yorlariga rioya qilib ifodali o`qish tinish belgilarini to`g`ri qo`yishga va matnning mazmuni hamda tarbiyaviy ahamiyatini o`quvchilar ongiga sindirishga yordam beradi. O`qituvchi matndagi imlosi qiyin so`zlarni doskaga yozib, talaffuz va imlosini qisqa izohlaydi. Keyin o`qituvchi doskaga, o`quvchilar esa o`z daftarlariga sana va sarlavhani tartib bilan, har birini xatboshidan yozadilar. Shundan so`ng matn aytib yozdiriladi. Shuni ta’kidlash zarurki, so`zni bo`g`inlab yoki so`zma-so`z aytib turish mumkin emas. Har bir gap so`z birikmasi ko`pi bilan uch marta takrorlanishi mumkin. Matnda o`quvchilar yozishi qiyin bo`lgan, o`rganilmagan qoidalar asosida yoziladigan qiyin so`zlar uchrasa, ulardan ikki yoki uchtasini doskaga yozib berish mumkin. Diktant yozib bo`lingach, o`qutuvchilar diqqatini jalb qilgan holda o`qituvchi matnni sekinroq sur’at bilan yana bir marta o`qib beradi. O`quvchi o`z xatosini topsa, uni to`g`rilashiga yoki tushirib qoldirilgan so`zni yozishiga imkon beriladi. Shundan keyin o`quvchilar oldindan belgilangan grammatik topshiriqlarni bajaradilar.