Inson aslida baxt va ezgulik uchun dunyoga keladi, shu orzu-umid bilan yashaydi. Lekin bu bilan ish bitmaydi, u shu niyatiga yetishi uchun intilishi, g`ayrat ko`rsatishi, yaxshilik ko`rishi uchun yaxshilik qilishi lozim. Insonning shakllanishida, hayotda o`z o`rnini topishida, el-yurt ichida izzat-hurmatga sazovor bo`lishida, yuksak axloq-odob qoidalarini o`zida mujassam etishida oila asosiy o`rinni egallaydi. Oila shunday makonki, unda hayotning davomiyligini ta`minlovchi shaxs shakllanadi, etnik madaniyat, urf-odatlar, axloqiy-milliy qadriyatlar saqlanadi va rivojlantiriladi, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi iqtisodiy va ma`naviy hayot poydevori qo`yiladi va mustahkamlanadi. Oila anil va totuv bo`lsa, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikka erishiladi, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi.