O’zbekiston zamonaviy mustaqil davlat sifatida 1991 yilda tarix sahnasida paydo bo’ldi. U Rossiya imperiyasi mustamlakachiligini davom ettirgan, sho’rolar hukmronligini ta’minlagan 1924 yilgi siyosiy va ijtimoiy shartnomadan butunlay voz kechdi. Rossiya imperiyasi ochiq-oydin mustamlakachilik siyosatini yuritgan, tub xalqlar turmushining kamsitilishini qonunlashtirgan davlat bo’lgan bo’lsa, sovet davriga kelib vaziyat yanada murakkab tus oldi. Sho’rolar davlati mafkurasi baynalmilalchilikka asoslangan bo’lib, bu nazariy jihatdan barcha millat va elatlarga teng huquq va imkoniyatlar berardi, biroq amalda esa Sovet Ittifoqi avvalgi imperiyaning vorisi sifatida totalitar davlat tizimini yuzaga keltirdi,:bunda u davlat tuzilmalarining avvalgi hukmronini rivojlantirdi va mustahkamladi, mintaqa iqtisodini xom ashyo yetishtirishga yo’naltirdi, milliy madaniyat va qadriyatlarni oyoq osti qildi, rus tilining rasmiy til sifatidagi yetakchi mavqeini mustahkamlab, mahalliy xalqlarga nisbatan ruslashtirish siyosatini va shafqatsiz jazo tadbirlarini amalga oshirdi.