O`zbek  tili  O`zbekiston  Respublikasining  davlat  tilidir. Maktabda  ona  tilini  o`quv  predmeti  sifatida  o`qitish  uning  ta’lim – tarbiyaviy  ahamiyatini  oshiradi. Bola  o`zining  ilk  tasavvurlarini,  ichki  kechinmalarini  til  vositasida  yuzaga  chiqaradi. U  o`zini  va  o`zgalarni,  atrofdagi  narsa-hodisalarni  til  yordamida  taniydi,  bilib  oladi.  Maktabda  til  o`qitish – uni  o`zlashtirishning  tabiiy  davomi  bo`lib,  u  bolalarning  maktabga  kelguncha  hosil  qilgan  nutq  tajribasi  asosida  tashkil  etiladi. Ona  tili   predmeti  o`quvchilarning  ijodiy  qobiliyatlarini  rivojlantirish,  ularning  fikrini  yuzaga  chiqarish  shakllari (og`zaki  va  yozma  nutq),  vositalari (tovush,  harf,  so`z,  gap,  matn),  usullarini (aytish  va  eshitish,  gapirish  va  tinglash,  o`qish  va  yozish)  egallashlari  bilan  qo`shib  olib  borishning  etakchi  omilidir.