Sho`ro davri 1917-yilgi oktabr to`ntarishidan 1991-yili sobiq Sovet Ittifoqi deb atalgan hokimiyatning yemirilishi, sobiq SSSR tarkibidagi jumhuriyatlar, jumladan, Respublikamizning mustaqillikka erishuvigacha bo`lgan 70-yildan oshiqroq davrni o`z ichiga oladi. Bu davr “qizil imperiya” davri deb ham yuritiladi.
Sho`rolar hukumati, bolshveklar dinni “xalq uchun afyun” deb e`lon qilib, dinga qarshi kurash ochib, dahriylikni keng yoyar ekanlar, endilikda odamlar qalbini zabt etishning yagona vositasi, sehrli quroli adabiyot va san`at ekanini yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ham partiya adabiyotga rahnamolik qilishni o`z zimmasiga oldi, adabiyotni “proletar ishining bir qismi” ga, partiyaning mafkuraviy quroliga, adiblarni esa partiyaning dastyoriga, partiya g`oyalari va siyosatni targ`ib etuvchi “karnaychi” larga aylantirishga tirishdi. Hatto tarixda misli ko`rilmagan hodisa-sho`ro yozuvchilari amal qilishi lozim bo`lgan ijodiy metod-sotsialistik realizm qoidalari ham partiya rahnamoligida ishlab chiqildi; voqelikka faqat kommunistik mafkura asosida sinfiy-partiyaviy yondashish barcha qalam ahli uchun qat`iy qoidaga aylantirildi. Bu hol ko`p millatli sovet adabiyoti, jumladan, o`zbek adabiyoti tarixida, o`nlab iste`dodli adiblar qismatida o`ta noxush, fojiiy asorat qoldirdi. Eng yomoni, ijodiy tafakkurni tushovga solib qo`ydi, shaxsiy tashabbusni bo`g`di, hayotdan yiroq, bir xildagi yuzaki, sxematik asarlarning keng yoyilishiga olib keldi. Partiyaning adabiy siyosati, kommunistik g`oyaviylik uchun kurash ko`plab shafqatsizliklarga yo`l ochib berdi. A.Qodiriy, Cho`lpon, Fitrat singari adiblar tevaragida fitnalar uyushtirildi, oxir-oqibat ular “xalq dushmani” sifatida qatl etildi. Oybek, G`.G`ulom, A.Qahhor, H.Olimjon kabi omon qolgan yozuvchi-shoirlar umr bo`yi ta`qib-tazyiqlar ostida yashadilar. Yangi o`zbek adabiyotining o`nlab shoh asarlari zararli sanalib, o`qish man etildi.