Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o`zligining, madaniy-ma’rifiy olami, milliy g`oyasining asosi hisoblanadi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning borlig`ini ko`rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo`qotmak – millatning ruhini yo`qatmakdur” degan hikmatli so`zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.