Respublikamiz mustaqillikka erishgandan so`ng qishloq xo`jaligini rivojlantirish maqsadida mulkchilikning yangicha shakllari teng xuquqli asosda ravnaq topishini ta`minlash, bozor iqtisodiyotiga o`tish borasida islohotlarni chuqurlashtirish kabi dolzarb masalalarga alohida e`tibor berilmoqda. Yurtimizda qabul qilinayotgan qonun va Hukumat qarorlari qishloq xo`jaligida yer va suv resurslaridan yanada samarali foydalanishga, sug`oriladigan gektar mahsuldorligini oshirishga imkon bermoqda. Shular qatorida O`zbekiston respublikasi Prezidentining 2003 yil 24- martdagi «Qishloq xo`jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo`nalishlari to`g`risida»gi Farmoni muhim o`rin tutadi.