So’zlarni kelib chiqish tarixini o’rganuvchi soha etimologiya (grekcha etymon – haqiqiy, logos – ta’limot) deyiladi. Etimologiya tilshunoslikning juda qadimiy sohasi bo’lib, eramizdan avvalgi faylasuf va filologlar ham so’zlarning dastlabki kelib chiqish tarixi bilan shug’ullanganlar. “Etimologiya” termini qadimiy Rim olimlari Xrizipp va Varron nomlari bilan bog’liq ekanligi ehtimol qilinadi. So’zlarning haqiqiy va birinchi asl ma’nolari va shakllari til tarixi, boshqa tillar va dialektlardagi shu so’z to’g’ri kelgan o’zakka ega bo’lgan so’zlar bilan qiyoslash asosida aniqlanadi. Bunda so’zlarning avvalgi ma’nosi va shakllari chuqur o’rganiladi. So’zlarning kelib chiqish tarixi tarix, arxeologiya, geografiya, antropologiya, madaniyat va san’at kabi qator fanlar yordamida aniqlanadi.