Rejalashtirish u yoki bu ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaning mahsuli emas, balki ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning tabiiy, ob’ektiv jarayonidir. Rejali iqtisodiy rivojlanishning strategik yo`nalishlari, albatta, davlat darajasida shakllanadi. Bu ilmiy-texnik va ijtimoiy dasturlar, mamlakat byudjeti, mudofaaga, davlat apparatini saqlab turishga ketadigan xarajatlardir. Bozor sharoiti raqobat kurashi bilan xarakterlanishi bois, bunday sharoitlarda har qanday tijorat tashkilotlarining samarali faoliyat ko`rsatishi istiqbolni belgilash va faoliyatni rejalashtirishga asoslanishi zarur.
Turizmni rejalashtirish – turistik resurslarning maqsadi, ularni saqlash va muvofiqlashgan holda o`zaro hamkorlik qilishini, turistik mahsulotni ishlab chiqarish va zamonaviylashtirish, o`tkazish va sotish, foyda olish bo`yicha ishlarni bajarishning hajmi, usullari, ketma-ketligi va muddatini nazarda tutadigan chora-tadbirlar tizimini amalga oshirishdir.