XX asrning ikkinchi yarmi Yer tarixida, insoniyat tarixida o’ziga xos alohida davrni tashkil qiladi. Bu davrda Yer yuzasida aholi sonining tez sur’atlar bilan ortib borishi, sanoat va qishloq xo’jaligining rivojlanishi, insonning kuchli texnika vositalaridan mehnat quroli sifatida foydalanishi va fanning bevosita ishlab chiqarish kuchlariga aylanishi insonning tabiiy resurslarga bo’lgan ehtiyojini orttirib yubordi. U tabiiy resurslardan faol foydalana boshladi va yerga, tuproqqa, suvga, havoga, o’simlikka va hayvonot dunyosiga kuchli ta’sir ko’rsata boshladi. Natijada, inson tabiiy resurslarning tez sur’atlar bilan kamayib ketishiga, atrof-muhitning ifloslanishiga, tabiat komponentlari orasidaga mutanosiblikning buzilishiga, qolaversa o’zining salomatligiga va hayoti uchun xavfli bo’lgan salbiy oqibatlarning yuzaga chiqishiga ham sababchi bo’lib qolmoqda. Inson va tabiat o’rasidagi o’zaro munosabatlarning yildan yilga keskinlashib borishi, tabiat qonuniyatlarini chuqur bilishni, tabiiy resurslardan tejab-tergab ilmiy, asoslangan holda foydalanishni talab etadi. Bu esa tabiiy ekologo-geografik bilimlarni chuqur egallashni taqazo etadi.