Fan va texnikaning rivojlanishi va yangi texnologiyalarning ishlab chiqarishda keng joriy etilishi natijasida insonning tabiatga ko`rsatilayotgan ta`siri (antropogen ta`sir) jadallashib bormoqda. Inson va tabiat orasidagi o`zaro munosabatlar murakkablashib, ushbu ta`sir tabiiy omillar bilan qiyoslanadigan darajaga yetdi. Shuning uchun atrof muhitni muhofaza qilish hozirgi davrning eng dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Biosferada antropogen ta`sir qilish shu darajaga borib yetdiki, yer yuzida ham tabiiy o`zgarishlar ro`y berib, ba`zi mintaqalarda hayot kechirish amri mahol bo`lib qoldi.