Bugungi mustaqillik va istiqlolning har bir kuni ham jamiyat a’zolari bo’lmish shaxslar ruhiyati uchun shunday tarixiy vaziyat va muhit rolini o’ynamoqdaki, buning ta’sirida yangi g’oyalar paydo bo’lishi uchun “maqsad” paydo bo’ladi. Shuni alohida e’tirof etish kerakki, shaxsdagi har qanday maqsad ham yangi g’oyaga asos bo’lavermaydi. Teran maqsadga erishish uchun odamda “qat’iy ishonch” bo’lishi kerak va u oxir-oqibat “maslakka” aylanadi. Ana shunday maslakning inson qalbiga singib, uning yurish-turishi, fikrlashi-yu, tafakkur tarziga aylanishi “e’tiqoddir. Bu o’rinda yana bir psixologik holatni yoritish lozim, bu ham bo’lsa, e’tiqodning bo’lishi yoki qat’iy ishonchning bo’lishini odamning o’zi astoydil xohlashi kerak. Shaxsning nimalarni xohlashi yoki nimalarga ishonishi masalasi sof psixologik muammolar sirasiga kirgani uchun ham milliy istiqlol g’oyalarining shaxs dunyoqarashi mazmuniga aylanishi jarayonida psixologik omillar katta o’rin tutadi.