Bugun hayotimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etib
bo`lmaydi. Jamiyatning barcha sohalari, qo`yingki, taraqqiyotning zamonaviy
bosqichlarida ushbu tarmoqning roli va ahamiyati tobora ortib borayotgani buning
yorqin tasdig`idir. Binobarin, mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridayoq
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini har tomonlama ravnaq toptirish, uning
huquqiy-tashkiliy hamda moddiy-texnik bazasini izchil takomillashtirishga alohida
e’tibor qaratib kelinyapti. Ana shu tarixiy tamoyil asosida ilg`or AKT salohiyati,
yutuqlari, innovatsiyalari yurtimiz rivoji, xalqimiz turmush darajasini yanada
yuksaltirish, odamlar dunyoqarashini o`zgartirish, mamlakatimiz nufuzini jahonga
yoyish bugungi kunning dolzarb vazifasi bo’lib qolmoqda.