Musofirning o`rtancha qizini Kattakonning kuchugi qopgani xabari kelganda biz qo`rg`on og`zidagi qo`lbola choyxonamizda qartabozlik bilan mashg`ul edik.
Ie, qachon? Qanday qilib? O’sal emasmikan? Hamma taajjubda: jonivorning jag`i bir zum tinmagan edi-ku, akillay turib ham qopar ekanmi?
Hamma birdan g`azabga mindi.
— Bedodlik! Borib turgan bedodlik bu! — dedi jamoatchi muxbir E.Safar o`rnidan sapchib. — Bir bechora musofirning bolasini-ya! Yozish kerak! Yozaman!
— O’tiring, inim, — deya uni bosib qo`ydi oqsoqol. — Keyin yozarsiz. Darvoqe, bir urinib ham ko`ruvdingiz shekilli? Avval bunday bir maslahatini qilaylik. Qoidasi shu.
U har ishning qonun-qoidasini biladi, shuning uchun ham oqsoqollikka da’vogar. Masalan, «Mana shu ariq» deb gap boshlasangiz, «Ariqlik-ka-ku arig`-a, lekin ichida suv ham oqadi-da» degan qabilda aql o`rgatishni yaxshi ko`radi