Mavzuning dolzarbligi. O’zbek adabiyotining rivojida qissa janri muhim o’rin tutadi. Milliy nasrimizning Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor kabi darg’alari o’tgan asr boshlarida qissaning jahon badiiy tafakkuri durdonalari bilan bo’ylasha oladigan namunalarini yaratdilar. Bu avlod vakillari o’zbek qissachiligiga asos soldilar hamda uni muayyan taraqqiyot bosqichiga ko’tardilar. Keyinchalik, Asqad Muxtor, Saida Zunnunova, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, O’tkir Hoshimov, Xudoyberdi To’xtaboyev, Ne’mat Aminov singari yozuvchilar qissa janrining adabiyotimizda to’la shakllanib, badiiy-estetik jihatdan takomillashuviga hissa qo’shdilar.