Tog`larga bahor keldi. Otam har yilgidek yana qo`ylarni toqqa haydadi, shu bilan kech kuzda – cho`qqilarga ilk qor tushganda qaytadi. O`qishlar tugagach, men ham ukalarim bilan dadamga yordamlashgani toqqa yo`l oldim. Tog`larga oqshom qo`na boshlagan, qo`ylar yam-yashil maysalar ustida boshlarini ko`tarishmay o`tlashardi.
Otam keng qo`ra yonidagi tosho`choqqa olov yoqib, ovqat pishirardi. Yaylovning boshqa tomonidan ham qo`ralar, o`tlayotgan qo`y-qo`zilar va tayoqlarga suyanib atrofni kuzatayotgan cho`ponlar ko`zga tashlanardi. Yaylov atrofidagi yuksak cho`qqilar qori erib ulgurmagan, oltin zarralariday yaltirardi.