O’sha oilamiz boshiga og’ir kulfat tushgan kuni, men, o’n yashar bola, nimadandir ko’nglim g’ash, uyimiz ro’parasidagi paxsa devorga chiqib, o’zimcha go’yo otga minib o’tirardim.
U mahalda biz Turkiston shahrining eng so’lim joylaridan biri — Lager ko’chasida ikki xonadan iborat, oldi ayvon, o’sha zamon imkoniyatiga ko’ra tuzukkina uyda istiqomat qilardik. Bu uyning kattagina hovlisi ham bor edi. Ikki qavatli ulkan darvoza orqali kiradigan bu hovlida bizdan tashqari yana bir nechta xonadon yashardi. Darvozaning ustida quruq pichan saqlanadigan boloxona bo’lar, biz, bolalar oqshom paytlari berkinmachoq o’ynaganda boloxonaga chiqib pichan tagida «jon saqlardik».