Martning oxirgi kunlari. Ko’k yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz ko’yga solyapti. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar hanuz g’aflatda yotgan o’t-o’lanni, qurt-qumursqani uyg’otgan, avvalgidan ham yorug’roq, avvalgidan ham issiqroq shu`la sochayotganday tuyuladi.
Kasalxonaga yaqinda tushgan Mirrahimov, jikkakkina kishi, o’ziga juda ham katta ko’k xalatga burkanib, yengchadan boshini chiqarib turgan sichqondek derazadan ko’chaga qarab o’tirgan edi, birdan tutaqib ketdi: shunday havo bo’lsa-yu, oyoq-qo’li butun odam ko’chaga chiqolmay, derazadan mo’ralab o’tirsa!..