Otamizning o`lganiga anchagina yil o`tib ketdi. Bu yil - o`n yettinchi yilning ko`klamida onamizdan ham ajralib, shum yetim bo`lib qoldik. Biz to`rt yetimdan xabar olib turishga katta onam - onamning onalari Roqiyabibi kelib turibdilar. Bu kishini biz erkalab «qora buvi» deb ataymiz.
Oqshomlari buvim boshliq hammamiz oldi ochiq ayvonda uvunto`da ko`rpa-yostiqlarga o`ralib, bittagina O`ratepaning kir ip sholchasi ustida uxlaymiz.
Sentabr oylarining oxiri, ilk kuz oqshomlaridan biri edi. Havo anchagina salqin. Biz yetimlar bir-birimizning pinjimizga tiqilib, bir-birimizni isitib uyquga ketganmiz. Oatorda eng so`nggi bo`lib, ona chumchuqday qora buvim yotardilar, u kishi saksondan oshib ketgan, noskash kampir edilar.