Savri xola xiyobondan bitta-bitta yurib borardi, shoshmasdi. Shoshib nima qiladi? Uyda bolalari yig’layaptimi yo bironta ishi chala qolyaptimi? Hamma ishi joyida, bolalar yo’q. Bolalarni Xudo unga ko’p ko’rgan. Nima qiladi shoshib? Innaykeyin, hali kun erta. Oftob endi ikki terak bo’yi ko’tarildi. Ertalabki muzdek shabada hali iligani yo’q, lekin tafti bosilgan, etni junjitmaydi. Shudring tushgan yaproqlarning uchlarida munchoqdek-munchoqdek kumush isirg’alar paydo bo’libdi. Oftob ko’p qiziq narsa-da. U bo’lmaganda shu isirg’alar bo’larmidi?! Qushlar ham gala-gala bo’lib oftobda daraxtlarga yopishib olibdi. Ilgari yo’lning ustida kam ko’rinardi, chug’ur-chug’urlar xiyobonning pastki tomonlaridan eshitilardi. Mana endi bu yoqda, ochikda. Odamlar ham shunday. Daraxt soyasidan qochib yurishibdi. Xiyobonda odam kam. Hamma ishda. Borlari bozor-o’char qilib yurganlar, yo bo’lmasa unga o’xshab ishdan qaytayotganlar. Lekin u o’zining ishlaganligini sezmasdi. Ishlagan odam charchaydi, madori quriydi. Uning sira madori qurimaydi. Tag’in kampir narsa. Uch kam yetmishga kirdi.