Odamlarni faqat tirikchilik uchun harakat qiladi, deb o’ylaydigan kishilar ularning tirikchilik g’amidan yuksakroq tashvishlari ham borligini tushunmaydilar. Yo buning aksi: o’sha yuksakroq tashvishdagi odamlar faqat tirikchilik g’amida yurganlarga qandaydir past nazar bilan qaraydilar.
Sovxoz direktorining kabinetiga maktab tabiiyot o’qituvchisi Ehson E`tiborov kirib keldi. Salom berib, sovqotgan qo’llarini bir-biriga ishqalaganicha, devor pech yonidagi stulga o’tirdi:
— O`rtoq Eshquvvatov, oldingizga bir iltimos bilan keldim.
Eshquvvatov telefon trubkasini joyiga qo’yib, ustarada qirtishlab olingan boshini kafti bilan siladi. O`mrovini stol qirrasiga qo’yib:
— Xo’sh, xizmat? — dedi.