Eski darvozaning g’ijirlashi ayvondagi so’rida kitob o’qib yotgan yigitning diqqatini bo’ldi. Yo’lakda kalta xonatlas ko’ylakli, timqora sochlari yelkasiga yoyilgan, ko’hlikkina qiz turar edi. U mehmon hurmati uchun o’rnidan qo’zg’algan yigitning xushqomat jussasiga bir zum tikilib qoldi.
— Salom!
— Vaalaykum assalom. — Yigit ayvondan tushib, notanish qizni so’riga taklif etdi. — Qani...
Qiz mezbonning ko’ziga tik boqib:
— Rahmat, — dedi. — Men... haligi... folklor ekspeditsiyasidanman. Xabaringiz bordir?
Tog’ bag’ridagi bu kichik qishloqqa Toshkentdan filolog studentlar ekspeditsiyasi kelgan edi. Yigit bosh irg’adi.
— Shunga... eskicha qo’shiqmi, ertakmi biladigan kishi bo’lsa...