N. viloyatidagi «Drujba» degan sovxozda rasm chizib, bo’yoqchilik ham qilardim. Tirikchilik-da, aka. Qishloqning bir chetida muzey bor edi: xo’jalikning tarixi, ya`ni yutuqlari aks ettirilgan. O’shaning bir hujrasida yotib turardim. Manzara yaxshi, lekin yonimizda bir xavfli tepalik bor, uning bir yoni kuyib ketgan — o’t o’smas edi. Tepalikning u yog’ida dahshatli bir ko’l yastanib yotibdi. Qadimda Ko’k ko’l deyilgan, hozir esa Qora ko’l deyishadi. Tog’ etagidagi kimyo zavodidan chiqqan oqava-yuvindi suvlar qo’yib yuborilgan: ko’lda suv emas, eritilgan qora mum bordek yaltirab yotardi. O’lay agar, ustidan shundoq yurib ketish mumkinday. Qaysidir yili yog’in ko’p bo’lib ko’l toshganda, bir ariq suv oqib chiqqan-u haligi yonbag’irdan pastga engan. O’shaning o’rnidan giyoh unmas edi: kuyib ketgan-da! Keyin tuprog’ini har qancha qirtishlab tashlasalar ham o’nglanmagan. He, o’sha kezlar ko’p mollar ham qirilib ketgan ekan...