G’ani aka ishshayib, g’ijjakka tikildi. Kamonni oldi-da, g’iyqillatib chala ketdi. Bu — eski kuy edi. Mashshoq va xonandalar bu kuyga allaqachon tahrir kiritgan, lekin G’ani aka undan voz kechmas, chalar, bu esa eshituvchilarga yoqmas edi. Shuning uchun G’ani aka goho xafa ham bo’lar, o’kinar, lekin yana... o’z bilganidan qolmasdi... U g’iyqillatib chala boshladi. Uning ro’parasida turgan mehmon yigitlar soy tarafga ketishdi; oppoq toshloqdan o’tib, ko’pirib oqayotgan suvga yetishdi. Yechinib, suvga tushishdi va bir-birlariga suv sachratib, cho’mila boshlashdi.