Sobirova opa o’n sakkiz yoshida mansabdor bo’ldi. O’shanda u yozuvni zo’rg’a o’qiy olardi. Keyinchalik Toshkentda partiya kadrlari tayyorlash kursida olti oy tahsil ko’rib keldi. Bor-yo’q olgan bilimi shu bo’ldi.
Uning dastxati nihoyatda xunuk va serxato bo’lar, uni hech kim tuzatmas edi. Biroq bu orada opa ko’p martabali lavozimlarda ishladi. Artelning raisi ham, raykomning ikkinchi sekretari ham bo’ldi. Urush yillarida ota-onasiz bolalar uyida direktor bo’lgani holda, tarbiyachilik ham qildi. Ko’pgina hukumat mukofotlari va yorliqlari ham oldi. Nihoyat, yoshi ellikka yetib, unga pensiya tayinlandi, so’ng uni raykom ishdan bo’shatdi. Opa hali ishlashga qurbi yetishini aytib rad etdi, lekin ular unashmadi. Ishlab turgan o’rni — lesxoz boshlig’i qilib qishloq xo’jaligi institutini bitirib kelgan qizchani qo’yganlaridan keyin opa gap nimadaligini tushundi. Bir necha kun alamini yutib yurdi-da, yana raykomga kirib, joyini so’radi.
— Opa, siz... — dedi raykom sekretari, — qiynalasiz endi.
— Qiynalmayman. Men o’n bir yil shu ishda ishladim. Hammasini bilaman! — dedi Sobirova.
— Yengilroq bir ish bersak-chi, — degan edi sekretar, opa xafa bo’lib ketdi.
— Men hali holdan toyganim yo’q. Keksayganim ham yo’q. Nega yengil ishni qilar ekanman?!